O’RIK GULLAGANDA
O’RIK GULLAGANDA
Derazamning oldida bir tup
O’rik oppoq bo’lib gulladi …
Novdalarni bezab g’unchalar,
Tongda aytdi hayot otini
Va shabboda qurg’ur ilk sahar
Olib ketdi gulning totini.
Har bahorda shu bo’lar takror,
Har bahor ham shunday o’tadi,
Qancha tirishsam ham u beor
Yellar meni aldab ketadi.
Mayli, deyman va qilmayman g’ash,
Xayolimni gulga o’rayman;
Har bahorga chiqqanda yakkash,
Baxtim bormi, deya so’rayman.
Yuzlarimni silab, siypalab,
Baxting bor, deb esadi yellar.
Etgan kabi go’yo bir talab,
Baxting bor, deb qushlar chiyillar…
Hamma narsa meni qarshilar,
Har bir kurtak menga so’ylar roz,
Men yurganda bog’larga to’lar
Faqat baxtni maqtagan ovoz:
«Mana senga olam-olam gul,
Etagingga siqqanicha ol,
Bunda tole har narsadan mo’l,
To o’lguncha shu o’lkada qol.
Umrida hech gul ko’rmay, yig’lab
O’tganlarning haqqi ham senda,
Har bahorni yig’lab qarshilab
Ketganlarning haqqi ham senda…»
Derazamning oldida bir tup
O’rik oppoq bo’lib gulladi…
XAYOLIMDA BO’LDING UZUN KUN…
Xayolimda bo’lding uzun kun,
Seni izlab qirg’oqqa bordim.
Och to’lqinlar pishqirgan tunda,
Topib ber, deb oyga yolvordim.
Ishon, bunda seni doimo
Esga solar chiroyli tunlar,
Sho’x yulduzlar, salqin saharlar,
Esga solar baxtiyor kunlar.
Toleimning oshinosi sen,
Sen sevgimning ko’kargan bog’i.
Sening bilan birga iqbolim,
Ishonchimning sen vafo tog’i.
Meni qurshar salqin bir havo,
Suv ustidan tun quyuladi.
Shunda qancha-qancha gaplarni
Esga solib oy ham to’ladi.
Kecha jim-jit, yolg’iz to’lqinlar
Pishqiradi bilmay tinimni.
Hiylagar oy, sehrgar dilbar,
Solib qo’yding yodimga kimni?..
* * *
Sevgi desam, faqat sen desam,
Sening bilan yashasa qalbim;
Sen desam-u, butun dunyoning
Sho’rishiga quloq solsam jim…
Quyun kabi aylanar boshim,
Qarayman-u, ko’zim tinadi
Va jilvangdan ko’ngil ko’zgusi
Parcha-parcha bo’lib sinadi.
Shu qarashga bormi nihoya,
Bo’larmanmi maqsadga vosil?
Toparmanmi bir yangi g’oya,
Bo’larmikan bir murod hosil?
Topilarmi unda bir chora,
Agar meni qurshasa junun:
Bo’lib qolsa sirim oshkora,
Atasalar nomimni Majnun?
Last modified 2mo ago