Adiblar.uz Kutubxonada ochish
Adiblar.uz › Biografiya (Hayoti va ijodi)

Zavqqa solib o‘tar notinch fikridan

Zavqqa solib o‘tar notinch fikridan,
Asabi savalar ne istak dardi?
Yo‘l, faqat yo‘l tutar qalam zikridan,
Yo‘l bosilgan sari — nari ketadi.

O‘ylar bilan dil ham otilajakday,
Adib o‘ltiradi ko‘ksini quchib.
Ufqda moʻjiza ochilajakday,
Mashina yeladi qush kabi uchib.

Motori guvillar, guvillar shamol,
Kichik davramizda buyuk sukunat.
Balki yangi hislar qaynashidan lol
Adib bol aridek qiladi mehnat?

Faqat chust do‘ppisi ostidan toshgan
Kumush halqalardan oqib tushar ter.
Va unga qo‘shiqni ko‘tarib shoshgan
Kabi ikki yondan chopib kelar yer.

Yer adib singari tinimsiz ishda,
Bunda cheksiz g‘o‘za, u yerda bug‘doy,
Unda bog‘, bu yoqda jiyda kumushda,
Bedazor, polizda sabza bir chiroy.

Yer barin ko‘ksida quyoshga tutib,
Bag‘ishlab yotibdi o‘zidan kamol.
Ishchi yer diliga qulog‘in tutib,
Adib go‘yo undan oladi misol.

— Oybek ishlayapti! — deydi, baxtiyor
Xotini adibga qiladi imo.
Taqdir adibiga hamdam etgan yor.
Qalamday vafodor, ilhomday zebo.

Vijdoniday toza, hayotday dono,
Sertashvish umrning munis hamdami.
Lochinday o‘g‘illar va qizga ona,
Horganda tili-yu ishchi qalami.

Eriday zahmatkash, eriday tanti,
Fan va she’r, go‘zallik oshig‘i olim.
Kimyo ilmining yulduzlaridan
Biri bizning aziz Zarifa xonim.


Bu sheʼr Oybek va uning oilasiga bagʻishlangan boʻlib, adibning mehnati, ijodi va turmush oʻrtogʻi Zarifa xonim taʼriflanadi.

Sheʼrning maʼnosi: sheʼrda adibning ijod jarayoni, uning tinimsiz mehnati va hayotining oʻziga xos zavqlari aks ettirilgan. Sheʼr oxirida adibning umr yoʻldoshi — kimyo ilmi sohasidagi olima Zarifa xonimga yuksak taʼrif beriladi: u vafodor, ilhomli, vijdonli va zahmatkash inson sifatida tasvirlanadi.

Bu sahifa Adiblar.uz kutubxonasida to‘liq ko‘rinishda ochiladi — qidiruv, mavzular bo‘yicha navigatsiya va boshqa asarlar bilan birga.