Adiblar.uz Kutubxonada ochish
Adiblar.uz › G'azallar

Zahiriddin Muhammad Bobur G'azallari

Qaro zulfing firoqinda

Qaro zulfing firoqinda parishon ro’zg’orim bor,
Yuzungni ishtiyoqida ne sabru ne qarorim bor.

Labing bag’rimni qon qildi, ko’zimdin qon ravon qildi,
Nechun holim yomon qildi, men andin bir so’rorim bor.

Jahondin menga g’am bo’lsa, ulusdin gar alam bo’lsa,
Ne g’am yuz muncha ham bo’lsa, seningdek g’amg’usorim bor.

Agar muslihmen ar mufsid, va gar oshiqmen ar obid,
Ne ishing bor sening zohid, meningkim ixtiyorim bor.

Fig’onim oshdi bulbuldin, g’ami yo’q zarra bu quldin,
Base Bobur, o’shal guldin ko’ngulda horhorim bor.

Yori vafodor topmadim

Jonimdin o’zga yori vafodor topmadim,
Ko’nglumdun o’zga maxrami asror topmadim.

Jonimdek o’zga jonni dilafgor ko’rmadim,
Ko’nglum kibi ko’ngulni girifdor topmadim.

Usruk ko’ziga toki ko’ngul bo’ldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana xushyor topmadim.

Nochor furqati bilan xo’y etmisham, netay,
Chun vasliga o’zimni sazovor topmadim.

Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko’ngul,
Nechaki borib eshigiga, bor topmadim.

Bobur, o’zingni o’rgatakor, yorsizki, men
Istab jahonni, muncha qilib, yor topmadim.

Charxning men ko’rmagan

Charxning men ko’rmagan jabru jafosi qoldimu?!
Xasta ko’nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?!

Meni xor etti-yu qildi muddaini parvarish,
Dahri dunparvarning o’zga muddaosi qoldimu?!

Meni o’lturdu jafoi javr birla ul quyosh,
Emdi turguzmak uchun mehru vafosi qoldimu?!

Oshiq o’lg’och ko’rdim o’limni o’zimga, ey rafiq,
O’zga ko’nglimning bu olamda harosi qoldimu?!

Ey ko’ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb,
Tengri uchun de bu olamning safosi qoldimu?!

Bu sahifa Adiblar.uz kutubxonasida to‘liq ko‘rinishda ochiladi — qidiruv, mavzular bo‘yicha navigatsiya va boshqa asarlar bilan birga.