Adiblar.uz Kutubxonada ochish
Adiblar.uz › G'azallar

Junun vodisigʻa moyil koʻrarman joni zorimni

Junun vodisigʻa moyil koʻrarman joni zorimni,
Tilarman bir yoʻli buzmak buzulgʻon roʻzgorimni
Falak bedodidan garchi manim xoki gʻubor oʻldum,
Tilarman, topmagʻaylar toʻtiyolikka gʻuborimni.
Demang, qay sori azm etding, menga yoʻq ixtiyor, oxir
Qazo ilkiga bermishman inoni ixtiyorimni.
Tugandi ashki gulgun, emdi qolmish zaʼfaroni yuz,
Falak zulmi badal qildi xazon birla bahorimni.
Diyorim ahli birla yordin boshimgʻa yuz mehnat,
Ne tong, boshim olib ketsam qoʻyub yoru diyorimni.
Yomon holimgʻa bagʻri ogʻrigʻay har kimsakim koʻrgay,
Bagʻir pargolasidan qongʻa bulgʻongʻon uzorimni.
Hayotim bodasidin sargaronman asru, ey soqiy,
Qadahqa zahr qotil quy,dogʻi dafʼ et xumorimni.
Jahon tarkini qilmay chunki tinmoq mumkin ermastur,
Navoiy, qil meni ozod oʻrtab yoʻqu borimni.

Bu sahifa Adiblar.uz kutubxonasida to‘liq ko‘rinishda ochiladi — qidiruv, mavzular bo‘yicha navigatsiya va boshqa asarlar bilan birga.