Abdulla Qahhor hikoyalarida tasviriy ifodalar
Abdurahmonova Mavluda Ibragimovna
TerDU akademik litseyi ona tili va adabiyot o‘qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqolada Abdulla Qahhorning hikoyalarida inson ruhiyatining o‘zaro tasvirlanishi, hamda hikoyalaridagi obrazlarning tasviri atroflicha yoritib berilgan.
Kalit so‘zlar: Abdulla Qahhor, hikoya, janr, realistik, Mastura, Turobjon, qahramonlar, inson, o‘g‘ri, bemor, anor, o‘tmish, zamonaviy.
Abdulla Qahhor o‘zbek realistik hikoyachiligining asoschilaridan biri bo‘lib, adabiyotimizda bu janrning shakllanishi va o‘sishi uning nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Abdulla Qahhor G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy, Oybek kabi yozuvchilar bilan hamkorlikda ijod etib, hikoya janrining ko‘pgina namunalarini yaratdi. Uning “Bemor”, “Anor”, “Millatchilar”, “Tomoshabog‘”, “O‘g‘ri”, “Maston”, “Qanotsiz chittak”, “San’atkor”, “Jonfig‘on”, “Yillar”, “Adabiyot muallimi” kabi hikoyalari o‘zbek adabiyotida hikoya janrining sezilarli darajada taraqqiy etishiga ta’sir ko‘rsatgan asarlar sirasiga kiradi.
Abdulla Qahhor hikoyalarini mazmuni va janr xususiyatlariga ko‘ra ikki guruhga ajratib tahlil etish mumkin. Bularning bir guruhini o‘tmish haqidagi hikoyalar tashkil qilsa, ikkinchi guruh hikoyalarning bosh qahramonlari zamondoshlarimizdir.
“Abdulla Qahhor o‘zbek hikoyachiligini zamonaviy jahon hikoyachiligi darajasiga ko‘tardi va o‘zbek realistik hikoyachiligining asoschisi degan nom oldi. Abdulla Qahhorning shunday hikoyalari borki, ularni jahon novellistik adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan bir qatorga qo‘yish mumkin” deb yozgan edi rus tanqidchisi.
«Ming bir jon» — insonning hayotga muhabbatini, umuman, hayotning qudratini, inson irodasini ulug‘laydigan hikoya. Hikoyani o‘qir ekanmiz, Mastura obrazi misolida chinakam o‘zbek ayolining jasorati, hayotga bo‘lgan shijoati, so‘nmas irodasi timsolini ko‘ramiz.
Abdulla Qahhorning “Anor” hikoyasi epigrafdan boshlanadi: «Uylar to‘la non, och-nahorim bolam, Ariqlar to‘la suv, tashnai zorim bolam». Hikoyadagi birinchi jumla: «Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining yengi zulfinga ilinib, tirsakkacha yirtildi». Bu bilan Abdulla Qahhor asar syujetidan kutilajak, favqulodda hodisaning olis shabadasiga ishora qiladi.
Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, adibning «Dahshat», «O‘g‘ri» hikoyalarida insonga achinish, mehr-shafqat tuyg‘usidan mahrum kimsalarning bechora kishilarni xo‘rlashdan cheksiz lazzatlanishi betakror manzaralarda, ta’sirchan detallarida ko‘rsatiladi. Abdulla Qahhor ulug‘ ijodkorlar ilgari surgan insonparvarlik g‘oyalariga mos betakror asarlar yaratdi va o‘zbek adabiyotida o‘zining mohir hikoyanavisligini to‘laligicha namoyon eta bildi.
Adabiyotlar ro‘yxati:
- E. Xudoyberdiyev. “Adabiyotshunoslikka kirish”.
- H. Umurov. “Adabiyot nazariyasi”. Toshkent, “Merius”, 2004.