Abdulla Qahhor hikoyalari
Abdulla Qahhor. Adabiyot muallimi (hikoya)
O‘zining aytishiga ko‘ra «nafis adabiyot muallimi» o‘rtoq Boqijon Baqoyev og‘ilga kirib ta’bi xira bo‘ldi: sigirning qulog‘iga yana kana tushibdi! Kanadan ham ko‘ra sigir uning achchig‘ini keltirdi: kanani teray desa qo‘ymaydi — boshini silkiydi, pishqiradi.
— Hayvon! Sigir emas, hayvon! — dedi og‘ilning eshigini qattiq yopib.— Hayvon!
Xotini Mukarram hovlida samovarga suv quyar edi.
— Hayvon! — dedi Baqoyev,— bu sigirni sotib puliga cho‘chqa olish kerak!
— Shaharda cho‘chqa asrash mumkin emas,— dedi Mukarram samovarga ko‘mir solayotib.
— Nima uchun? Taqiq qilinganmi? Kim aytdi? Men aytib edimmi? To‘g‘ri, mumkin emas… albatta, mumkin emas…
— Uyga kiring, Hamida keldi.
Hamida o‘n olti yoshlardagi tirik, quvnoq qiz, pochchasini ko‘rib sevinib ketdi.
— Siz uyda ekansiz, bilsam, daftarimni olib kelar ekanman… esizgina…
O‘rtoq Boqijon Baqoyevning ta’bi ochildi.
— Texnikumdan rabfakka o‘tibsan, deb eshitdim, rostmi? — dedi.— Himm… yaxshi qilibsan.
— Boqijon aka,- dedi qiz uyalibroq,- bir narsani sizdan so‘ramoqchi edim: biz sinfda Chexovning «Uyqu istagi»ni o‘qidik, go‘dakni o‘ldirgan qizni sud qilmoqchimiz. Men qizni oqlab, butun gunohni uning xo‘jayiniga, yosh qizni bu qadar berahm ekspluatatsiya qilgan kishiga qo‘ymoqchiman. Chexov shunday demoqchi emasmi?
O‘rtoq Baqoyev uzundan-uzoq so‘zlab ketdi. Uning nima to‘g‘rida so‘zlayotganini Hamida bilmas edi. Detirding degan allaqanday mashhur tanqidchi, Marks Dobrolyubovni Mering bilan bir qatorga qo‘ygan...
Hamida mezbonlar bilan xayrlashib ko‘chaga chiqqanda qorong‘i tushgan edi; «Uyqu istagi» to‘g‘risida pochchasidan hech qanday fikr ololmadi. Uning so‘zlaridan nima olgani haqida o‘ziga hisob berar ekan, g‘uvillab turgan boshida shundan boshqa hech narsa yo‘q edi: praktikum, minimum, maksimum; Detirding, Stending, Shelling, Mering, Demping…
(To'liq hikoya matni platformada mavjud.)